Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining 2026-yil 8-sentabrdagi 26/15-sonli Ilmiy kengash bayoniga binoan, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc)ga qabul qilishda ilmiy tadqiqot ishi taqdimotini tayyorlash, taqdim etish hamda baholash bo‘yicha Uslubiy ko‘rsatmalari rasman tasdiqlandi.
Mazkur Uslubiy ko‘rsatma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-98-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda qabul jarayonida talabgorlarning ilmiy salohiyatini xolis va yagona mezonlar asosida baholash maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjatda nimalar aks etgan?
- Taqdimot mazmuni va tarkibiy tuzilishi: PhD va DSc talabgorlari taqdimotni qaysi bo‘limlardan tashkil etishi (muammo dolzarbligi, maqsadi va vazifalari, metodologiya, kutilayotgan ilmiy yangilik va ish rejasi) batafsil yoritilgan.
- Baholash tartibi va mezonlari: Qabul komissiyasi tomonidan 100 ballik tizimda baholash tartibi va aniq ball berish shartlari belgilangan.
- Taqdimot o‘tkazish tartibi: Talabgorlarga sharoitlar yaratish, jarayon shaffofligi va javoblarni baholash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
📌 Barcha doktorantura va tayanch doktoranturaga hujjat topshiruvchi talabgorlardan ushbu ko‘rsatmalar bilan atroflicha tanishib chiqishlari hamda taqdimot tayyorlashda ushbu talablarga kat’iy rioya etishlari so‘raladi.


