2026-yilning 7–8-oktabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida nufuzli xalqaro anjumanlar — Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha II xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan hukumat vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda yetakchi olimlarni bir davra atrofida jamlagan ushbu tadbirlarda qishloq xo‘jaligining dolzarb muammolari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda sohani barqaror rivojlantirish istiqbollari chuqur tahlil qilindi.
Ushbu nufuzli anjumanlarda Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari ham faol ishtirok etdilar. Institut olimlari xorijiy hamkasblari bilan muloqot o‘tkazib, agrar sohadagi global tendensiyalar va ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishdilar hamda kelgusidagi istiqbolli ilmiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.


Bugungi kunda global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash resurs tejamkor va zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, tabiiy imkoniyatlardan oqilona foydalanish va ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish bilan tikka bog‘liq. Forum davomida ilgari surilgan g‘oyalar va innovatsion yondashuvlar bog‘dorchilik va uzumchilik sohalarida ilmiy izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Institutimiz vakillarining bunday nufuzli platformalardagi ishtiroki institutning xalqaro agrar integratsiyadagi o‘rnini mustahkamlab, xalqaro tajribani mahalliy sharoitga tatbiq etish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.


