Joriy yilning 21-sentabr kuni O‘zbekiston-Eron qishloq xoʻjaligi biznes forumi doirasida Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Eronning Yarus Agro kompaniyasi rahbari, bog‘dorchilik bo‘yicha eksperti Javad Hosseini o‘rtasida akademik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Kelishuv doirasida ilmiy va amaliy tajriba almashinuv, zamonaviy bog‘dorchilik va ko‘chatchilik texnologiyalarini joriy etish, hududlarda agro-konsalting xizmatlarini rivojlantirish, mevali bog‘lar va ko‘chatzorlarda yangi turdagi o‘g‘itlarni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va genetik materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Eronlik mutaxassislar bilan hamkorlikda tuproq va o‘simlik holatini laboratoriya tahlillari asosida baholash, zamonaviy tashxis usullarini o‘rganish hamda soha mutaxassislari uchun trening va mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuvlar davomida intensiv bog‘larda yuqori hosildorlikka erishish agrotexnologiyalari, quritilgan mevalar ishlab chiqarishini rivojlantirish hamda pista ko‘chatlarini yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.


