Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasida uzum hosilining sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, xususan, meva tarkibidagi qand miqdorini oshirish bo‘yicha ilmiy-tajriba ishlari olib borilmoqda.
Tadqiqot doirasida «Toyfi» uzum navida achitqi (drojji) va shakar asosida tayyorlangan eritmaning uzum mevalari tarkibidagi umumiy qand miqdoriga ta’siri o‘rganildi, tajriba davomida nazorat varianti va uchta tajriba varianti shakllantirilib, eritma tarkibidagi moddalar miqdori bosqichma-bosqich oshirib borildi hamda har bir variant bo‘yicha olingan natijalar nazorat varianti bilan taqqoslandi.
Tajriba yakunida uzum mevasidagi qand miqdori refraktometr yordamida aniqlandi, olingan natijalar variantlar kesimida taqqoslanib, qo‘llanilgan eritmalarning uzum mevasidagi qand miqdoriga ta’siri baholandi.
Mazkur tadqiqot natijalari uzum mevasining sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qand miqdorini oshirish hamda zamonaviy agrotexnologik usullarni takomillashtirish uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonida samarali agrotexnologik yondashuvlarni qo‘llash va yuqori sifatli, xaridorgir uzum mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.


