Qishloq xo‘jaligida hosil bo‘ladigan organik qoldiqlarni qayta ishlash orqali ularni yana ishlab chiqarish jarayoniga qaytarish bugungi kunning dolzarb agrotexnologik yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, biochar biomassani foydali agroresursga aylantirish imkonini beruvchi istiqbolli yechim sifatida e’tiborni tortmoqda.
Akademik M. Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasida biocharning qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlari va undan amaliy foydalanish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda organik biomassa va o‘simlik qoldiqlarini maxsus texnologiyalar asosida qayta ishlab, biochar olish jarayoni, uning tuproq bilan o‘zaro ta’siri hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishdagi potensial imkoniyatlari haqida fikr almashildi.


